Bobur shahrida Andijon davlat texnika instituti bitiruvchilariga diplomlar tantanali topshirildi
-
Author:Matbuot
-
Date:
10-07-2026
-
Count:
 209
Bobur shahrida Andijon davlat texnika institutining 2026-yilgi bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, institut rahbariyati, ta’lim faxriylari, professor-o‘qituvchilar, yirik ish beruvchi tashkilotlar vakillari, bakalavriat va magistratura ta’lim bosqichlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirni Andijon davlat texnika instituti rektori, texnika fanlari doktori professor Umid Turdialiyev ochib berdi. Rektor o‘z nutqida mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar, ulardan samarali foydalanishning ahamiyati haqida so‘z yuritib, bitiruvchilarni hayotlarining yangi bosqichi bilan samimiy tabrikladi hamda ularga kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar va oq yo‘l tiladi.
Marosim davomida Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan “Almaty TechCup XII: Age of AI – Future Race” xalqaro chempionatida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan institut talabalari taqdirlandi. Shuningdek, o‘qish, ilmiy faoliyat, innovatsion loyihalar hamda xalqaro tanlov va musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan bir guruh iqtidorli talabalarga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi. Shundan so‘ng bakalavriat va magistratura ta’lim bosqichlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir davomida bitiruvchilar nomidan so‘zga chiqqan yoshlar o‘qish yillari davomida ularga bilim va tarbiya bergan ustozlariga, doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan ota-onalariga samimiy minnatdorlik izhor etdilar.
Ta’kidlash joizki, joriy yilda Andijon davlat texnika institutini transport, energetika, qurilish, iqtisodiyot va boshqa 30 dan ortiq ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1864 nafar bitiruvchi muvaffaqiyatli tamomladi.
Bayramona tadbir xushovoz san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari bilan yanada fayzli va ko‘tarinki ruhda davom etdi. Tadbir yakunida esa yorqin mushakbozlik namoyishi tashkil etilib, bitiruvchilarga unutilmas bayram tuhfasi ulashildi.